Endi esa, ey birodarlarim, Rabbimiz Iso tufayli shodlaning! Sizlarga bir xil narsalarni yozaversam ham zerikmayman, yozganlarim sizlarni har xil balolardan asraydi.
Chunki biz, Xudo Ruhining yordami bilan sajda qiluvchilar, haqiqiy sunnat qilinganmiz. Biz Iso Masih tufayli faxrlanamiz, insoniy xususiyatlarimizga ishonmaymiz.
Men sakkiz kunligimda sunnat qilinganman, Isroil avlodidan, Benyamin qabilasidanman. Men haqiqiy ibroniyman. Farziy bo‘lib, qonunlarga so‘zsiz rioya qilardim.
[8-9] Ha, hamma narsa qadrsizdir, chunki Rabbim Iso Masihni tanib–bilishdan afzalroq hech narsa yo‘q, deb hisoblayman. Uni deb, men hamma narsadan voz kechdim. Masihga sazovor bo‘lish, butunlay Unga tegishli bo‘lish uchun hamma narsani axlat, deb bildim. Endi qonunga rioya qilish orqali solihlikka erishishga umid qilmayman, aksincha Masihga bo‘lgan imonim bilan solihlikka erishishga intilaman. Ha, bu solihlikni Xudo imon tufayli beradi.
Maqsadim shuki, Iso Masihni bilay, Uni tiriltirgan qudrat mening hayotimda ham o‘z kuchini ko‘rsatsin, Masihning azoblariga sherik bo‘lay. Uning o‘lim paytidagi fikr–zikri mening hayot tarzim namunasi bo‘lsin.
Men maqsadimga yetdim yoki kamolotga erishdim, deb aytolmayman. Ammo men unga yetishay, deb intilaman, chunki Iso Masih aynan shu maqsad uchun meni O‘ziniki qilib olgan.
Biz hammamiz, imon jihatidan yetuklikka erishganlar, shunday o‘ylashimiz kerak. Agar sizlar biror narsa haqida boshqacha fikrda bo‘lsangiz, Xudo sizlarga nohaq ekanligingizni ayon qiladi.
Rabbimiz butun borliqni O‘ziga bo‘ysundirish kuchiga egadir. Mana shu kuch bilan U bizning ojiz, foniy tanamizni O‘zining ulug‘vor tanasiga o‘xshatib o‘zgartiradi.