Shunday qilib, sevimli birodarlarim, sizlarga aytganlarim bo‘yicha, Rabbimiz Iso bilan bo‘lgan munosabatingizda mahkam turinglar. Azizlarim, men sizlarni juda sog‘indim. Sizlar mening quvonchimsiz, faxrimsiz!
Ey vafodor hamkorim, sendan ham o‘tinaman, bu ayollarga yordam ber, chunki ular men bilan birga, Kliment hamda ismlari hayot kitobida yozilgan boshqa hamkorlarim qatori xushxabarni targ‘ib etishda ter to‘kdilar.
Hech narsadan tashvish qilmanglar. Aksincha, har qanday sharoitda ibodat va iltijoda bo‘lib, har bir muhtojligingizni Xudoning oldida minnatdorchilik bilan izhor qilinglar.
Endi esa, ey birodarlarim, fikr–zikringiz haqiqiy, sharafli, to‘g‘ri, pok, yoqimli, tahsinga sazovor narsalarda bo‘lsin. Ha, olqishga loyiq, a’lo narsalar haqida fikr yuritinglar.
Ta’limotimni qabul qildingiz. Endi mendan o‘rganganlaringizning, ko‘rgan–eshitganlaringizning hammasini bajaringlar. Shunda tinchlik beradigan Xudo sizlar bilan birga bo‘ladi.
Sizlar men uchun yana g‘amxo‘rlik qilayotganingizdan juda xursand bo‘lib, Rabbimiz Isoga shukr qilyapman. Albatta, sizlar oldin ham men uchun g‘amxo‘rlik qilardingiz, lekin buni ko‘rsatishga imkoniyatingiz bo‘lmagan edi.
Har qanday sharoitda va har yerda ham to‘q bo‘lish, ham och qolish, mo‘l–ko‘lchiligu muhtojlikda yashash sirlarini o‘rganganman. Men tanqislikda ham, mo‘l–ko‘lchilikda ham qanday hayot kechirishni bilaman.
Axir, siz, Filippiliklar, o‘zlaringiz bilasizlar–ku, men sizlarga Xushxabarni aytgan paytimdan boshlab, Makedoniyadan ketganimdan keyin ham faqat sizlar menga moddiy jihatdan yordam berardingiz. Sizlardan boshqa hech bir jamoat bunday qilmadi.
Hozir menda kerakli hamma narsa bor, hatto ortig‘i bilan bor. Yepafroditdan berib yuborgan hadyalaringizni oldim. Endi hech bir muhtojligim qolmadi. Bu hadyalaringiz xushbo‘y nazrday, Xudoga ma’qul bo‘ladigan yoqimli qurbonlik kabidir.