Keyin Yoshua barcha Isroil qabilalarini, ularning oqsoqollari, boshliqlari, hakamlari va nazoratchilarini Shakamga chaqirtirdi. Ular Xudoning huzuriga keldilar.
Yoshua butun xalqqa shunday dedi: — Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Qadimda sizlarning ajdodlaringiz, jumladan, Terah va uning o‘g‘illari Ibrohim hamda Naxo‘r Furot daryosining narigi tomonida yashaganlar. Ular boshqa xudolarga xizmat qilganlar.
Men sizlarning ota–bobongiz bo‘lgan Ibrohimni Furotning narigi tomonidagi yerdan olib, butun Kan’on yurti bo‘ylab boshlab bordim. Ibrohimning naslini ko‘paytirdim. Ibrohimga Is’hoqni berdim.
Ota–bobolaringiz Menga iltijo qilganlarida, Men Misrliklar va ota–bobolaringiz orasiga qorong‘ilik tushirdim. Misrliklarning ustiga dengiz suvlarini bostirib, ularni g‘arq qildim. Misrni qay ahvolga solganimni sizlar o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz. Undan keyin sizlar sahroda uzoq vaqt yashadingiz.
Keyin Men sizlarni Iordan daryosining sharq tomonidagi yurtga olib keldim. U yerda Amor xalqi yashar edi. Ular sizlarga qarshi chiqib jang qildi. Men sizlarga ularning ustidan g‘alaba berdim. Ularni sizlarning oldingizdan qirib tashladim, sizlar ularning yerlarini egallab oldingiz.
Sizlar Iordandan o‘tib, Yerixoga kelganingizda, Yerixo aholisi sizlarga qarshi jang qildi. Amor, Pariz, Kan’on, Xet, Girgosh, Xiv va Yobus xalqlari ham sizlarga qarshi urush qildi. Men sizlarga ularning ustidan g‘alaba berdim.
Yoshua gapida davom etib, shunday dedi: — Endi Egamizdan qo‘rqing, Unga sodiq bo‘lib, doimo chin dildan xizmat qiling. Ajdodlaringiz Furot daryosining narigi tomonida va Misrda sajda qilgan xudolarni tashlab, faqatgina Egamizga xizmat qiling.
Agar Unga xizmat qilishni ma’qul ko‘rmasangiz, kimga xizmat qilishingizni bugun tanlang. Furot daryosining narigi tomonida yashagan paytda sajda qilgan xudolaringizga xizmat qilasizlarmi? Yoki oldin Amor xalqlariga tegishli bo‘lgan yerlarda yashayotganingiz uchun endi ularning xudolariga xizmat qilasizlarmi? Bugun tanlang. Men va oilam esa Egamizga xizmat qilamiz.
Bizni va ota–bobolarimizni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egamiz Xudodir. U qilgan mo‘jizalarni biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Har xil xalqlarning orasidan o‘tganimizda, qayerga bormaylik, U bizni himoya qildi.
Mana shu yurtda yashagan Amor va boshqa xalqlarning hammasini Egamiz bizning oldimizdan haydab yubordi. Shuning uchun ham biz Egamizga xizmat qilamiz, U bizning Xudoyimizdir.
Yoshua xalqqa shunday dedi: — Egamiz Muqaddas Xudodir. U rashkchi Xudo. Siz Unga xizmat qila olmaysiz. Agar Unga qarshi bosh ko‘tarsangiz yoki gunoh qilsangiz, U sizlarni kechirmaydi.
Egamiz sizlarga shuncha yaxshilik qilgan bo‘lsa ham, agar Uni tashlab, boshqa xudolarga xizmat qilsangiz, U boshingizga kulfat keltirib, qirib tashlaydi.
Yoshua butun xalqqa shunday dedi: — Qaranglar, mana shu tosh Egamiz bizga aytgan hamma gaplarni eshitgan, shuning uchun agar Egamizga bergan va’dada turmasak, u bizga qarshi guvoh bo‘ladi.
Yoshua butun umri davomida Isroil xalqi Egamizga xizmat qildi. Yoshuadan keyin qolgan, Egamiz Isroil xalqi uchun qilgan hamma ishlarni ko‘rgan boshqa oqsoqollarning hayoti davomida ham Isroil xalqi Egamizga xizmat qildi.
Isroil xalqi Misrdan chiqqanda Yusufning suyaklarini o‘zlari bilan olgan edi. Ular mana shu suyaklarni Shakamda ko‘mishdi. Yoqub bu yerni Shakamning otasi Xamo‘rning o‘g‘illaridan yuz bo‘lak kumushga sotib olgan edi. O‘sha yer Yusuf avlodlarining ulushi bo‘lib qoldi.
Horun o‘g‘li Elazar ham vafot etdi. Elazarning o‘g‘li Finxazga Efrayim qirlaridagi Givo shahri ulush qilib berilgan edi. Elazar o‘sha joyga dafn qilindi.