Isroil xalqi Iordan daryosidan o‘tib bo‘lguncha, Egamiz ular uchun daryoning suvini quritgan edi. Iordanning g‘arbidagi Amor shohlari va O‘rta yer dengizi yonidagi Kan’on shohlari bu haqda eshitib, juda qo‘rqib ketishdi. Isroil xalqini deb ularning jasoratidan asar ham qolmadi.
Egamizga itoat qilmagan, Misrdan chiqqanda jangga yaroqli bo‘lgan naslning hammasi o‘lmaguncha Isroil xalqi qirq yil sahroda sargardon bo‘lib yurdi. Egamiz ularga: “Men ota–bobolaringizga va’da qilib, sizlarga beraman, degan sut va asal oqib yotgan yurtni hech qachon ko‘rmaysizlar”, deb qasam ichgan edi.
Misrdan chiqqanlarning o‘rniga Egamiz ularning farzandlarini dunyoga keltirdi. O‘sha yangi avlod yo‘lda sunnat qilinmagan edi. Mana shuning uchun Yoshua ularni sunnat qildi.
Aynan Fisih ziyofatidan keyingi kun esa ular o‘sha yerdan chiqqan hosildan pishirilgan xamirturushsiz non va o‘sha hosildan olingan qovurilgan don yedilar.
Isroil xalqi o‘sha yurtda yetishtirilgan hosilni yegan kundan boshlab, Xudo ularga manna yubormay qo‘ydi. O‘sha yil Isroil xalqi Kan’on yeridan olingan hosilni yedi, ular mannani boshqa ko‘rmadi.
Bir kuni Yoshua Yerixo shahrining yaqinida turganda qarasa, o‘zining qarshisida qilich ushlagan bir kishi turibdi. Yoshua uning oldiga borib: “Sen biznikimisan yoki dushman tarafdamisan?” — deb so‘radi.
“Hech qaysisi, — deb javob berdi u kishi, — Men Egamiz lashkarining lashkarboshisiman. Mana, keldim.” Yoshua muk tushib, unga ta’zim qildi. “Qulingizga nima buyurasiz, hazratim?” — deb so‘radi Yoshua.
Yerixoliklar, Isroil xalqidan qo‘rqib, shahar darvozalarini mahkamlab yopib, qo‘riqchilar qo‘yishdi. Endi shaharga hech kim kirolmas, u yerdan hech kim chiqolmas ham edi.