Ey jamoat oqsoqollari, endi sizlarga bir nasihatim bor. Men ham sizlarga o‘xshagan oqsoqolman. Masih chekkan azoblari haqida shahodat beruvchi va zohir bo‘ladigan ulug‘vorligining ishtirokchisi sifatida sizlardan o‘tinaman:
Xudoning nazoratingizdagi suruvini yaxshi boqinglar. Bu xizmatni majbur bo‘lganingiz uchun emas, balki chin ko‘ngildan, Xudoga manzur tarzda bajaringlar. Shunchaki pulparastlik maqsadida emas, samimiyat bilan ijro etinglar.
Ey yoshlar, oqsoqollarga itoat etinglar. Hammangiz yoshmisiz, qarimisiz, o‘zingizni kamtar tutib, bir–biringizga xizmat qilinglar. Zero, Xudo mag‘rurlarga qarshi chiqadi, kamtarlarga esa inoyat qiladi.
Garchi sizlar bu qisqa hayotda azob chekib yashasangizlar ham, Xudoning O‘zi sizlarga madad berib, barchangizni barkamol, sabotli, kuch–qudratli va mustahkam qiladi. Axir, inoyatga boy Xudo Iso Masih orqali sizlarni O‘zining abadiy ulug‘vorligiga sherik qilish uchun da’vat etgan.
Men bu qisqa maktubimni Silasning yordami bilan yozdim. Uni ishonchli birodar deb bilaman. Maktubimda sizlarga nasihat qilib, Xudoning haqiqiy inoyati haqida yozdim. Imonda sobit qolishingiz uchun Uning bu inoyatiga tayaninglar.