Men taxtda o‘tirgan Zotning o‘ng qo‘lida bir o‘rama qog‘ozni ko‘rdim. O‘ramning oldi va orqa tomonlarida yozuvlari bor bo‘lib, u yettita muhr bilan muhrlangan edi.
Shunda oqsoqollardan biri menga dedi: “Yig‘lama! Ana qara, Yahudo qabilasidan bo‘lgan Sher — Dovud urug‘idan chiqqan Zot g‘alaba qozondi. U o‘ramning yettita muhrini yechishga va o‘ramni ochishga qodirdir.”
Shunda men taxtning oldida, to‘rtta jonli mavjudot va oqsoqollar qurshovida turgan bir Qo‘zini ko‘rdim. U go‘yo bo‘g‘izlanganday edi. Qo‘zining yetti shoxi va yetti ko‘zi bor edi. Bular Xudo butun yer yuziga yuborgan yettita ruhdir.
U o‘ramni olganda, to‘rtta mavjudot va yigirma to‘rt oqsoqol Qo‘zining oldida muk tushishdi. Har birining qo‘lida bir arfa va xushbo‘y tutatqilarga to‘la oltin kosalar bor edi. Xushbo‘y tutatqilar — Xudo azizlarining duoyu ibodatlari demakdir.
Ular quyidagicha yangi qo‘shiq aytishar edi: “Sen o‘ramni olishga, Uning muhrlarini yechishga loyiqsan! Chunki Sen bo‘g‘izlangan eding, O‘z qoning evaziga har bir qabila, millat, elatu xalqdan Xudo uchun odamlarni qutqarib olding.
Keyin men taxtning, mavjudotlar va oqsoqollarning atrofida ko‘p farishtalarni ko‘rdim, ularning ovozlarini eshitdim. Ularning sanog‘iga yetib bo‘lmas, ming–minglab, o‘n minglab edilar.
Shunda men yeru osmondagi, yer ostidagi, dengizdagi jamiki jonzotlarning ovozlarini eshitdim. Ularning hammasi shunday deb kuylayotgan edilar: “Taxtda o‘tirgan Xudoga va Qo‘ziga Abadulabad hamdlar bo‘lsin! Bu qudrat Sohiblariga Abadulabad shon–sharaflar bo‘lsin!”