Ular Isroil yerida qarorgoh qurib, to G‘azo shahri atroflarigacha bo‘lgan hamma hosillarini nobud qilishardi. Isroil xalqi uchun hech qanday ozuqa qoldirmay, qo‘y, eshak, mollarigacha tortib olishardi.
Dushman galalari o‘zlari bilan chorvasini olib, hatto chodirlarini ham ko‘tarib kelishardi. Ular chigirtka kabi g‘ijillab yotar edi, odamlarning va tuyalarining sanog‘iga yetib bo‘lmasdi. Ular kelib, butun yurtni xarob qilishardi.
Egamiz ularga bir payg‘ambar yuborib, quyidagilarni xabar qildi: — Isroil xalqining Xudosi — Egangiz shunday aytmoqda: “Sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Men edim.
Men sizlarni Misrliklarning qo‘lidan hamda bu yurtda sizlarga zulm o‘tkazgan barcha xalqlardan xalos qildim. Ularni o‘z yurtlaridan haydab, yerlarini sizlarga berdim.
Sizlarga, Men Egangiz Xudoman, sizlar Amor xalqlarining yurtida yashab yursangiz ham, ularning xudolariga sajda qilmanglar, degan edim. Ammo sizlar gaplarimga quloq solmadingizlar.”
Keyin Egamizning farishtasi O‘fra shahriga kelib, eman daraxtining tagida o‘tirdi. Bu daraxt Abuazar urug‘idan bo‘lgan Yo‘shga tegishli edi. O‘sha paytda uning o‘g‘li Gido‘n Midiyonlardan bekinib, sharob tayyorlanadigan chuqurda bug‘doy yanchiyotgan edi.
— Agar Egamiz biz bilan birga bo‘lsa, nima uchun bu kulfatlar boshimizga tushgan ekan?! — dedi Gido‘n. — Ota–bobolarimiz: “Egamiz bizni Misrdan olib chiqdi”, deya bizga aytib bergan edi, Egamizning ajoyib ishlari qayerda qoldi?! Egamiz bizni tark etib, Midiyonlarning qo‘liga berib qo‘ydi–ku.
Shunda Egamiz unga qarab dedi: — Qani, bo‘l, bor qudratingni ishga solib, Isroil xalqini Midiyonlarning qo‘lidan xalos qil. Men O‘zim seni yuboryapman.
— Ey, to‘ram, qanday qilib men Isroil xalqini xalos qila olaman? — dedi Gido‘n. — Mening urug‘im Manashe qabilasining eng zaifi bo‘lsa, o‘zim esa otam xonadonining kenjasi bo‘lsam.
Gido‘n uyiga borib, bitta uloqchani pishirdi, bir tog‘ora undan yupqalar tayyorladi. Uloqchaning go‘shtini savatga, sho‘rvasini esa tovoqqa solib, eman daraxtining tagida o‘tirgan Egamizning farishtasiga olib borib, taqdim qildi.
Egamizning farishtasi unga dedi: — Go‘sht va yupqalarni olib, mana bu toshning ustiga qo‘ygin, sho‘rvani esa bularning ustidan quy. Gido‘n aytilganday qildi.
Egamizning farishtasi qo‘lidagi tayoqning uchini go‘sht va yupqalarga tekkizishi bilanoq toshdan olov chiqib go‘sht va yupqalarni kuydirib yubordi. So‘ng Egamizning farishtasi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Gido‘n Egamizga atab bir qurbongoh qurib, uning nomini: “Egamiz tinchlikdir”, deb atadi. Qurbongoh bugunga qadar Abuazar urug‘iga qarashli bo‘lgan O‘frada bor.
Xuddi o‘sha kuni kechasi Egamiz Gido‘nga shunday dedi: “Otangning yetti yashar ikkinchi buqasini ol, otang Baalga atab qurdirgan qurbongohni vayron qil. Qurbongoh yonidagi Asheraga atalgan ustunni ham kesib tashla.
Shu yerdagi qal’aning tepasiga chiqib, Egang Xudoga — Menga atab bir qurbongoh qur. Qurbongoh toshlari bir–birining ustiga tekis terilgan bo‘lsin. So‘ng o‘sha buqani olib, qurbongohda qurbonlik qilib kuydir. O‘tin o‘rniga kesib tashlangan ustunni ishlat.”
Gido‘n o‘nta xizmatkorini olib, xuddi Egamiz aytganday qildi. Ammo uydagilaridan va shahardagi odamlardan qo‘rqqanidan buni kunduz kuni qilmay, kechasi qilgan edi.
Shahar aholisi erta bilan saharda turganda Baal qurbongohi vayron bo‘lganini, yonidagi Asheraning ustuni kesib tashlanganini va yangi qurilgan qurbongohning ustida buqa qurbonlik qilinganini ko‘rishdi.
Shunda shahar aholisi Yo‘shga: — O‘g‘lingni bu yerga olib chiq! — dedilar. — Biz uni o‘ldiramiz! U Baal qurbongohini buzibdi, qurbongoh yonidagi Asheraning ustunini ham kesib tashlabdi.
— Sizlar hali Baalning tarafini olyapsizlarmi?! — deya Yo‘sh g‘azablangan olomonga do‘q urdi. — Uni himoya qilyapsizlarmi? Kim uning tarafini olsa, tong otguncha o‘ldiriladi. Agar u xudo bo‘lsa, vayron bo‘lgan qurbongohi uchun o‘zi o‘ch olsin.
Gido‘n Baal qurbongohini buzib tashlagani uchun, odamlar o‘sha kundan boshlab Gido‘nni Yerubbaal, deb atay boshladilar. Bu: “Baal o‘zi o‘ch olsin”, deganidir.
U butun Manashe hududi bo‘ylab choparlar jo‘natib, u yerdagilarni ham o‘z atrofiga yig‘di. U Osher, Zabulun va Naftali qabilalariga ham o‘z choparlarini yuborgan edi. Ular ham kelib Gido‘nga qo‘shilishdi.
mana men titilgan junni xirmonga qo‘yaman. Agar ertalab shudring faqatgina junning ustida bo‘lib, yer qup–quruq bo‘lsa, Sen Isroil xalqini men orqali ozod qilishingga ishonaman.”
Shunda Gido‘n Xudoga dedi: “Menga qahring kelmasin, Senga yana birgina gapim bor. Iltimos, jun bilan yana bir bor sinov o‘tkazay. Bu safar shunaqa qilginki, junning usti qup–quruq, yerning usti esa shudring bilan qoplangan bo‘lsin.”