Bo‘az shahar darvozasiga chiqib, o‘tirdi. O‘sha payt Bo‘az aytgan yaqin qarindoshi yonginasidan o‘tib qoldi. Bo‘az uning ismini aytib chaqirib: — Bu yoqqa keling, o‘tiring, birodarim, — dedi. Qarindoshi yaqin kelib o‘tirdi.
Men shu yerda o‘tirganlar va qavmim oqsoqollari huzurida o‘sha dalani sotib olasizmi, yo‘qmi, bilay dedim. Agar siz qarindoshlik burchingizni o‘tashni xohlasangiz, mayli, sotib olavering. Bordi–yu, xohlamasangiz, ayting, men bilayin. Chunki bu burchni o‘tash birinchi navbatda sizga tushadi. Sizdan keyin navbat meniki bo‘ladi. U kishi: — Qarindoshlik burchimni men o‘tayman, — dedi.
Bo‘az dedi: — Xo‘p. Lekin siz Naimaning dalasini xarid qilganingizda, dala bilan birga marhumning bevasi Mo‘ablik Rutni ham olishingiz kerak. Chunki marhumning nomi o‘z mulkidan yo‘qolib ketmasligi shart.
Shunda qarindoshi Bo‘azga: — Unday bo‘lsa, men uni ololmayman, aks holda o‘zimning mulkimni xavfga qo‘ygan bo‘laman. Zimmamdagi qarindoshlik burchimni siz o‘tayvering, mening ilojim yo‘q, — dedi.
Ilgari Isroilda qarindoshlik burchini o‘tamoqchi yoki mol–mulkini almashtirmoqchi bo‘lsalar, dalil–isbot tariqasida bittasi chorig‘ini yechib, ikkinchisiga berardi. Mana shu odat Isroilda qonuniy guvohlik o‘rnini bosardi.
Shundan keyin Bo‘az oqsoqollarga va o‘sha yerdagi boshqa odamlarga murojaat qildi: — Sizlar guvohsiz: men bugun Elimalekdan Xilyon va Maxlo‘nga qolgan hamma mulkni Naimadan sotib olyapman.
Yana Maxlo‘nning xotini Mo‘ablik Rutni ham o‘z nikohimga olyapman, toki marhumning nomi o‘z mulkida qolsin, birodarlari orasida va kindik qoni to‘kilgan yurtida nomi yo‘qolib ketmasin. Bugun sizlar bunga guvoh bo‘lib turibsizlar.
Shunda shahar darvozasi yonida turgan odamlar va oqsoqollar: — Biz guvohmiz, — dedilar. — Egamiz sening xonadoningga keladigan ayolni Rohila va Leaxday qilsin, ana o‘sha bibilardan Isroil xalqi bino bo‘lgan. Efratda boyliklar egasi bo‘lgin, Baytlahmda noming ulug‘ bo‘lgay.
Sening xonadoning Tamaraning Yahudoga tug‘ib bergan o‘g‘li bobomiz Paraz xonadoniday barakali bo‘lsin. Egamiz mana shu juvon orqali senga o‘shanday buyuk nasl ato etsin.
Ayollar Naimaga aytishdi: — Egamizga hamdu sanolar bo‘lsin! U bugun senga g‘amxo‘rlik qiladigan nevara berdi, merosxo‘rsiz qoldirmadi. Merosxo‘ringning nomi Isroilda ulug‘ bo‘lsin.
U tufayli hayoting yana shodlikka to‘ladi, qariganingda suyanchig‘ing bo‘ladi. Chunki bu o‘g‘ilni seni yaxshi ko‘radigan, sen uchun hatto yetti o‘g‘ildan ham a’lo bo‘lgan kelining tug‘di.