Lekin Dovudning odamlari: — Biz shu yerda — Yahudoda qo‘rqamizu, Keylaxga borib, Filist lashkariga qarshi urishmoqqa bizda jur’at bormidi?! — deyishdi.
Dovud odamlari bilan Keylaxga borib, Filistlarga qarshi urush qildi. Dovud Filistlarning mol–holini tortib oldi. Ularga og‘ir talafot yetkazdi. Shunday qilib, Keylax xalqini qutqardi.
Shoul Dovudning Keylax shahriga ketganini eshitib: “Xudo Dovudni qo‘limga berdi, o‘sha shahar darvozalarining tambalari bor, u shaharga kirib o‘zini o‘zi tutib berdi”, — dedi.
So‘ng Xudoga shunday deb iltijo qildi: — Ey, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Aniq xabar eshitdim: Shoul Keylaxga kelib, shu quling sababli shaharni vayron qilmoqchi ekan.
Keylaxliklar meni Shoulning qo‘liga tutib beradimi? Bu qulingning eshitganlari rostmi, Shoul bu yerga keladimi? Ey, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz, o‘tinib so‘rayman, bu qulingga ayon et! — Shoul keladi, — dedi Egamiz.
Shu onda Dovud bilan yonidagi olti yuztacha odam Keylaxdan chiqib, u yoqdan–bu yoqqa o‘taverishdi. Dovud Keylaxdan qochib ketibdi, degan xabarni eshitgan Shoul u yerga bormaydigan bo‘ldi.
Dovud adirlardagi pana joylarda — Zif cho‘lidagi qirlarda makon qilardi. Shoul Dovudni muttasil ta’qib qildi, lekin Xudo uni Shoulning qo‘liga bermadi.
— Qo‘rqma, — dedi Yo‘natan unga, — otam Shoul seni topa olmaydi. Sen Isroil shohi bo‘lasan, men esa sendan keyingi odam bo‘laman. Otam Shoul ham shuni biladi.
Bir necha Zifliklar Givoga borib, Shoulga xabar berdilar: — Dovud hududimizdagi Xoresh degan joyda yashirinib yuribdi. Bu joy Yishmonning janubidagi Xaxilo adirlarida joylashgan.
— Borib, yana bir marta tekshirib chiqinglar, Dovud qayerlarda yashirinib yurganini, o‘sha yerda uni kimlar ko‘rganini yaxshilab surishtiringlar. Aytishlaricha, u juda ayyor ekan.
Hamma yashiringan joylarini bilib olib, keyin menga aniq xabar keltiringlar. O‘shanda men sizlar bilan boraman. Agar Dovud o‘sha yerda bo‘lsa, uni butun Yahudo urug‘lari orasidan qidirib topaman.
Shunday qilib, Zifliklar yo‘lga tushib, Shouldan oldin Zifga kelishdi. U paytda Dovud odamlari bilan Yishmonning janubidagi Moyun cho‘lining bir kimsasiz vodiysida edilar.
Shoul ham odamlari bilan Dovudni izlashga chiqdi. Dovud Shoulning kelayotganini eshitgach, Moyun cho‘lining qoyalik joyiga borib yashirindi. Shoul buni bilib qolib, Dovudning orqasidan ketdi.
Shoul qirning bir tomonidan, Dovud bilan uning odamlari esa qirning boshqa tomonidan borishardi. Dovud tezda Shouldan qochib qutulmoqchi edi. Shoul esa sipohlari bilan Dovud odamlarining yo‘lini to‘smoqchi bo‘lib, o‘rab olayotgan edi.