Elaxning oldiga yugurib kelib: — Meni chaqirgan edingiz, shu yerdaman, — dedi. — Yo‘q, seni men chaqirmadim, qayt, borib joyingga yot, — dedi Elax. Shomuil qaytib borib yotdi.
Egamiz yana: — Shomuil! — deb chaqirdi. Shomuil yana turib, Elaxning oldiga kirdi va: — Meni chaqirgan edingiz, shu yerdaman! — dedi. — Chaqirganim yo‘q, o‘g‘lim, qayt, borib joyingga yot, — dedi u.
Egamiz uchinchi marta Shomuilga sado berdi. Shomuil o‘rnidan turib Elaxning oldiga keldi–da: — Meni yana chaqirdingiz–ku, men shu yerdaman, — dedi. Shunda Elax bildiki, o‘spirinni Egamiz chaqirayotgan ekan.
Elax Shomuilga dedi: — Borib joyingga yot, o‘sha ovoz seni yana chaqirib qolsa, “Gapiraver, ey, Egam, quling tinglayotir”, degin. Shomuil borib, joyiga yotdi.
Egamiz o‘sha yerda zohir bo‘ldi va oldingiday: — Shomuil, Shomuil! — deb chaqirdi. — Gapiraver, ey, Egam! Quling tinglayotir! — deb javob berdi Shomuil.
Elaxga, sening xonadoningni to abad jazolayman, deb uni ogohlantirgan edim. Uning o‘g‘illari ko‘p gunoh qilib, o‘zlariga la’nat orttirdilar. Elax esa buni bila turib, ularni tergamadi.
— Egamiz senga nimalar dedi? — so‘radi Elax. — Zinhor mendan yashira ko‘rma. Egamizning senga aytgan gaplaridan birortasini mendan yashirsang, Xudo seni yomon ko‘yga solsin, hatto undan battarrog‘ini qilsin!