va unga shunday deyishdi: — Mana, siz keksaydingiz, o‘g‘illaringiz esa sizning yo‘lingizdan yurishmayapti. Endi boshqa xalqlarda bo‘lganiday, ustimizdan hukmronlik qiladigan bir shoh tayinlang.
Isroil oqsoqollarining “Ustimizdan hukmronlik qiladigan bir shoh tayinlang” degan gaplari Shomuilga yoqmadi. Shuning uchun u Egamizga ibodat qilgan edi,
Egamiz Shomuilga shunday javob berdi: — Xalq senga nima aytsa, hamma gapiga quloq sol. Ular seni rad etishmadi, o‘zlarining shohi sifatida Meni rad etishdi.
Ularni Misrdan olib chiqqan kunimdan buyon Menga nima qilgan bo‘lsalar, senga ham shunday qilishayotir: ular Meni tark etib, boshqa xudolarga sajda qilishdi.
Endi ularning gapiga quloq sol. Faqat ularni jiddiy ogohlantirib qo‘y, o‘zlari ustidan hukmronlik qiladigan shohning huquqi va muomalasini ochiqchasiga ayt.
— Sizlarga hukmronlik qiladigan shohning huquqi va muomalasi quyidagicha bo‘ladi: shoh o‘g‘illaringizni majburlab jang aravalari va suvoriy to‘dalarida xizmat qilishga oladi. Ular shohning jang aravalari oldida yugurishadi.
Shoh ba’zilarini mingboshi, ba’zilarini ellikboshi etib tayinlaydi. Qay birini shoh o‘z dalasini ekish–o‘rishga, yana boshqasini esa jang qurollarini va jang aravalarining asbob–uskunalarini yasashga majbur etadi.
Egamiz Shomuilga: — Ularning gapiga quloq sol, ustilaridan shoh tayinla, — deb amr berdi. Shomuil Isroil xalqiga: — Har kim o‘z shahriga qaytsin, — dedi.